LOTIN-КИРИЛЛ

Radarlar haqida hammasi: muhim 10 savolga javob

Bugungi kunimizni avtomobillarsiz tasavvur qila olmaymiz. Uni boshqarish chogʻida bilib-bilmay yoʻl harakati qoidalarini buzib, radarlarga tushib qolish ham uchrab turadi. Buning oqibatida esa pochtachi uyimizga jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni darrov yetkazadi. Attang, muammo ustiga yana bir muammo. Toʻxtangchi, oʻzi bu jarima qonuniymikan?!

Ushbu maqolada radarlar orqali qaysi holatlarda jarima chiqarilishi mumkinligi, radarlarga qoʻyilgan texnik talablar, noqonuniy jarimalarni bekor qilish yoʻllari va boshqa shunga oʻxshash dolzarb savollarga sodda talqinda javob yoziladi.

1. Qanday radar turlari mavjud?

Radarlarni shartli ravishda muayyan guruhlarga boʻlib olamiz. Sababi hamma radarlar ham bir xil tartibda qoidabuzarlikni qayd etmaydi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositasi – asosan chorrahalarda, yoʻl boʻyida metall ustunlarga oʻrnatilib, avtomobillarning davlat raqami belgilarini aniqlaydi.

Mobil kompleks – Odatda “Nexia III” yoki “Cobalt”larga oʻrnatiladi. Multiradarlar mobil kompleks hisoblanadi.

Koʻchma fotoradar – Xalq tilida “uchoyoq radar” deyiladi.

2. Multiradarda aniqlangan qoidabuzarlik oʻsha joyning oʻzida haydovchiga maʼlum qilinishi kerakmi?

Xuddi shunday. Nizomning (https://lex.uz/docs/4089917#6031356 ) 31-bandida shunday deyilgan: “Koʻchma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslamaning koʻrsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni koʻrsatishi lozim”. Yaʼni “uchoyoq” yoki multiradarlar orqali huquqbuzarlik aniqlandi. Bunday vaziyatda YPX xodimi haydovchiga qoidabuzarlik sodir etgani haqida oʻsha joyning oʻzida maʼlumot berib, uning ishtirokida bayonnoma rasmiylashtiradi. Masalan, 60 km/soat tezlikda harakatlanish kerak boʻlgan joyda haydovchi 90 km/soatda harakatlanib, qoidani buzdi. Qoidabuzarlik multiradarda qayd qilindi. Endi YPX xodimi ushbu haydovchiga qancha tezlikda harakatlanib qoidani buzganligi haqida maʼlum qilishi shart. Bu tartibga amal qilinmasdan chiqarilgan jarima noqonuniy hisoblanadi.

Afsuski, yuqoridagi tartibga rioya qilinmay chiqarilgan jarimani bekor qilishda barcha sudlarda bir xil amaliyot shakllanmagan. Shuning uchun ayrim hollarda fuqarolar mana shunday noqonuniy jarimani bekor qilishda qiyinchilikka duch kelishayotganini rad etib boʻlmaydi. Biroq Oliy sud axborotnomasida bu haqda allaqachon tegishli koʻrsatma berib oʻtilgan:

3. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali jarima rasmiylashtirilishida ham haydovchiga qoidabuzarlik darhol maʼlum qilinishi kerakmi?

Yoʻq. “Uchoyoq” va multiradarlar vositasida maʼmuriy huquqbuzarlik qayd etilgan taqdirdagina haydovchi oʻsha joyning oʻzida bu haqda xabardor qilinadi. Ushbu tartib maxsus avtomatlashtirilgan texnika vositalari bilan qoidabuzarlik qayd etilishiga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunda haydovchining ishtirokisiz jarima solish toʻgʻrisida qaror chiqariladi. Bayonnoma ham rasmiylashtirilmaydi.

Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror huquqbuzarga 3 kun ichida pochta orqali yetkaziladi.

4. “Nexia III” ga oʻrnatiladigan multiradarlar harakatlangan holda huquqbuzarlikni qayd etib oʻtishi mumkinmi?

Mumkin. Nizom (https://lex.uz/docs/4089917#6031356 ) talabiga koʻra, multiradarlardan foydalanish DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻi tomonidan tasdiqlangan dislokatsiya doirasida amalga oshiriladi. Yaʼni belgilangan hudud ichida multiradarlar orqali jarima chiqarsa boʻlaveradi. Demak, koʻrsatilgan dislokatsiya doirasida qoidabuzarliklarni multiradar orqali harakatlanib turib ham aniqlash mumkin.

5. Radarlar simyogʻochga oʻrnatilishi qonuniymi?

Texnik talablarga (https://lex.uz/docs/5382965#5386789 ) koʻra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari avtomobil yoʻlining qatnov qismiga xalaqit bermaydigan holda, oʻng yoki chap yoʻnalishga “I”, “G”, “T” yoki “P” shakldagi metall ustunga oʻrnatiladi. Simyogʻoch, daraxt va boshqa narsalarga oʻrnatish mumkin emas.

Shuningdek, radar shu metall ustunga yerdan kamida 6 metr balandlikda oʻrnatilishi zarur.

6. Tadbirkorlar tomonidan oʻrnatiladigan radarlar qanchagacha boʻlgan tezlikni aniqlay oladi?

Qonunchilikda keltirilgan texnik talabga (https://lex.uz/docs/5382965#5386789 ) muvofiq, bunday radarlar 5 — 250 km/h tezlik oraligʻida harakatlanayotgan transport vositalarining tezligi va davlat raqami belgisini aniqlashi mumkin. Bu degani 250 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanganda radarlar avtomobil tezligini qayd etish imkoniyatiga ega boʻlmaydi. Toʻgʻri, bunday tezlikda harakatlanishda qoidabuzarlik emas oʻlim qayd etilishi ehtimoli yuqori ;).

7. Toʻxtash va toʻxtab turish yoʻl harakati qoidabuzarliklarini radarlar orqali qayd etishda qanday talablar mavjud?

Toʻxtash va toʻxtab turish qoidabuzarligini aniqlashda radarlar bir emas ikki turdagi fotoni qayd etishi talab etiladi. Qolaversa, ular ikki xil vaqtda olinishi kerak.

Masalan, haydovchi toʻxtash taqiqlangan joyda avtomobilni toʻxtatib, qoidabuzarlik sodir etdi. Bunda radar quyidagi ikki xil turdagi fotosuratni ikki xil vaqt oraligʻida qayd etishi zarur:

1-rasm: qoidabuzarlik sodir etilgan holat va uning vaqti aks ettiriladi;

2-rasm: 1 daqiqadan soʻng oʻsha holat qayta suratga olinib, unda xuddi shu avtomobilning raqami kattalashtirilgan holda boʻladi.

Shunga oʻxshab toʻxtab turish qoidasi buzilganda ham radarlar orqali jarima chiqarilishida ikki xil foto ikki xil vaqt oraligʻida olinmogʻi lozim. Yaʼni toʻxtab turish qoidasini buzgan vaqtdagi avtomobil surati hamda oradan 10 daqiqa oʻtgach yana bitta shu holat aks etgan foto.

Yuqoridagi rasmlar ilova qilmay chiqarilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror haqiqiy hisoblanmaydi.

8. Tadbirkorlar qanday qilib radarlarni oʻrnatishi mumkin?

Tadbirkorlar tomonidan radar oʻrnatilishi mumkin boʻlgan joylar “e-auksion” platformasida tanlovga qoʻyiladi. Onlayn auksionda gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyekti radarni oʻrnatish huquqiga ega boʻladi. Shundan soʻng tadbirkor nizomda belgilagan idoralar bilan kelishishi, hujjatlalashtirish ishlarini amalga oshiradi.

(Batafsil bu yerda (https://lex.uz/docs/5382965#5387552 ) tanishing)

Tadbirkorlik subyekti radarni oʻrnatgach dastlabki ikki yilda radar qayd etgan jarimalarning 50% ini olishga haqli. Ikki yildan keyin esa jarimalarning 25% qismiga egalik qilishi mumkin. Qolaversa, radar unga mulk huquqi asosida tegishli boʻlganligi tufayli uni boshqa odamga sotishi ham mumkin boʻladi.

9. Radarlar orqali chiqarilgan jarimani bekor qilish uchun qayerga murojaat qilsa boʻladi?

Radarlar orqali chiqarilgan jarimani qonunga xilof deb hisoblasangiz hududingizdagi jinoyat sudiga ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.

10. Jarimani bekor qilish yuzasidan sudga ariza berilganda qancha davlat boji toʻlanadi?

MJtKning 315-moddasiga (https://lex.uz/docs/-97664 ) asosan ushbu holatda jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan shikoyat qilsangiz, davlat boji toʻlamaysiz.

MUHIM!: MJtKning 332-1-moddasiga (https://lex.uz/docs/-97664 ) koʻra, jarima solish toʻgʻrisidagi qaror huquqbuzarga topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida u jarima miqdorining ellik foizini yoki oʻttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa shaxs mazkur chegirmadan mahrum boʻladi.

 

Hudud24.uz kolumnisti Neʼmatullo Zamonov

O'qilgan: 97 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: