LOTIN-КИРИЛЛ

ONA LAYLAK NIDOSI

        Yoshingiz ulg‘aya borgan sari ko‘proq ortga nazar tashlab, o‘tgan yaxshi va yomon kunlaringizni sarhisob qilib, gohida quvonib, gohida esa badaningizga birov zirapcha sanchgandek yodga olarkansiz. Men ham shu kunlarda qishloq hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan bolalik chog‘larimni ko‘proq eslaydigan bo‘lganman.
Sobiq tuzum davrida qishloqlarda bolalar bog‘chasi anqoning urug‘i edi. Shu bois esimizni taniganimiz bilanoq onamizga ergashib dalaga "ishga" chiqib ketardik. Rosti, biz emaklashni, toy-toy qilishni keng dalalarda, paxtazorlarda tuproqqa belangan holda o‘rganganmiz. Bolalik o‘yinchoqlarimiz "hojatbaror" onamiz tomonidan loydan, qamishdan yoki paxoldan yasab berilardi. Mehribonlarimiz kunlik rejani bajarguncha biz o‘sha loydan yasalgan qo‘g‘irchoqlarimizni o‘ynab g‘o‘zalar ostida yoki uvat boshlarida yig‘lab-yig‘lab uxlab qolgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Deyarli biz g‘o‘za chopig‘idan tortib, paxta yig‘im-terimi tugaguncha onamiz yonida bo‘lardik. Garchand bolalik onlarimiz azob-uqubatlarda o‘tgan bo‘lsada ammo esda qolarli xotiralarga boy bo‘lgan.
   U paytlarda avgust oyining ikkinchi o‘n kunligidan boshlab paxta yig‘im-terimi boshlanardi va bu jarayonga yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lganlar o‘z o‘rnini paxtazorda deb bilishi shart edi. Hatto maktabdagi 4-10 sinflarda tahsil oluvchi o‘quvchilarga ham o‘qish vaqtinchalik to‘xtatilib, ular uchun kunlik terim rejasi belgilab qo‘yilardi. Mabodo betob bo‘lib bir kun terimga chiqmay qolsak, o‘sha kuni mas’ul o‘qituvchimiz uyimizga kelib boshimizda “yong‘oq” chaqardi. Shuning uchun iloji boricha jarayonda bo‘lishga harakat qilardik.
Ha, yuqoridan: "Oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi!" shioriga nafaqat qishloqda yashovchilar balki shaharliklar ham amal qilishi shart edi. Shaharlik maktab o‘quvchilari ham har kuni turnaqator avtobuslarda ko‘makka kelishardi.
Biz o‘shanda 6-sinfda o‘qirdik.Bir kuni rus millatiga mansub bo‘lgan bir guruh o‘quvchilar bizning "brigada" mizga ko‘makka keldilar. Rosti, o‘shanda biz ularga qarab rosa havas qilgandik. Chunki, ularning paxta terimi uchun kiygan kiyimlarini biz bayramlarda ham kiyolmasdik-da. Shaharlik tengdoshlarimiz shu kuni paxta terish tugul hatto beliga qanday qilib fartuk taqishni ham eplolmadi. Ularning ayrimlari nomigagina paxta terib nuqul anhor va zovurlarni aylanishdi yana ayrimlari esa...

LAYLAK TUT


  Bu tut Navbahor tumani "Qoravultepa" mahallasidagi Qodir bobo deb atalgan dalaning qoq o‘rtasida salobat to‘kib turibdi. Uning yoshini hech kim bilmaydi. Qishloqdagi keksa bobolarimizning aytishlariga qaraganda bu tut qadimiy va muqaddas ekan. Shu bois bo‘lsa kerakki, qishlog‘imizning pillachilari ipak qurti parvarishlayotgan paytda ham zarurat tug‘ilsada bu tutga bolta urishmaydi. Bilasizmi, tut pishig‘i paytida bu yer haqiqiy saylga aylanib ketadi. Kimdir bola-chaqasi bilan tut mevasidan tatib ko‘rish uchun tashrif buyursa, yana kimdir chelak-chelak tut terib shinni, murabbo mayiz qilish uchun ana shu yerga shoshilishadi. Yana kimdir esa tutning soyasida salqinlash uchun qadam ranjida qiladi. Ha, tutning mevasi paxtadek oppoq va katta-katta bo‘ladi. Shirasiga gap yo‘q. Muzlatgichsiz bir oy ikki oygacha o‘z tusini ham rangini ham yo‘qotmaydi.
   Laylak tut. Juda katta tut. Shoxlari ham tarvaqaylab ketgan. O‘n-o‘n besh kishining qulochi tutning aylanasiga yetmaydi. Uning bo‘yini aytmasak ham bo‘laveradi. Tag‘in bu tutning tepasida laylaklarning hayhotdek uyi bor. Har yili havolar iliy boshlanishi bilanoq uzoq o‘lkalardan laylaklar uchib kelib ana shu yerdan qo‘nim topib bolalaydi va qish fasli boshlanishi bilanoq ular yana issiq o‘lkalarga uchib ketishadi.
Darvoqe, bolaligimiz keng dalalarda mehnat qilish bilan o‘tganligi bois biz laylaklarni uchib kelishini ham uchib ketishini ham tomosha qilardik. Hech ularga ozor bermasdik. Iloji boricha topgan-tupganlarimizni o‘sha muqaddas tut ostiga eltib qo‘yardik. Laylaklar ko‘pincha qurbaqa, ilon, baliqlarni ariq va zovurlardan tutib olib o‘sha tutning teppasidagi uyiga olib kelib yerdi. Gohida laylaklar og‘zidagi ilonlardan hazar qilib uy tomon oyog‘imiz olti, qo‘limiz yetti bo‘lib yugurganlarimiz ham ko‘p bo‘lgan.
Ha, laylaklar juda ajoyib qo‘shiq kuylardi. Biz ularning qo‘shiqlarini erinmasdan tinglardik. Ular uzun tumshug‘i bilan tinmay "taqa-taq" qilaverardi. Bilasizmi, laylaklar bolalayotgan vaqtda o‘z uyasiga hech qachon begona qushlarni yo‘latmasdi. Ayniqsa, chap oyog‘ida “sirg‘a”si bor laylak bolalari uchun juda g‘amxo‘r edi. U ertadan kechgacha poloponlariga yemish tashish bilan ovora bo‘lardi.
     O‘shanda yig‘im-terim avjida edi. Aytganimday qimirlagan jon borki ana shu jarayongga qatnashishi shart edi. Hatto umrida paxta chanog‘ini ko‘rmagan rus millatiga mansub insonlar ham ko‘makka, yo‘q, yo‘q "sayr" ga kelishardi...
"Laylak tut" yaqinidagi daladan paxta terayapmiz. O‘ngga yaqin avtobusda rusiy zabon o‘quvchilar paxta terishga keldilar. Xullas, shaharlik oliftalarning ko‘pchiligi nomigagina paxta terishgan bo‘lsa, ayrimlari esa o‘sha biz bilgan muqaddas tutning teppasiga chiqib olib laylaklar bolalariga azob berishdi. Hatto yuzida sepkili bor sariqmesh bola laylakning bir bolasini pastga olib tushib o‘rtoqlariga ko‘z-ko‘zladi. Ha, aytish joiz bo‘lsa biz qarshimizdagi "vahshiy" larga o‘z tilimizda gapirdik va qo‘limizga ilingan narsalarni ular tomon irg‘itdik. Ular ham anoyilardan emas ekan. To‘q ko‘raklar bilan bizni yaxshigina "siyladi". Hali uchishni bilmagan laylakcha odobsiz tengdoshlarimiz qo‘lida kechga borib jon taslim qildi. "Ko‘makchi"lar uylariga ketish chog‘ida ya’ni kattalarning do‘q-po‘pisasidan so‘ng jonsiz laylakchani o‘z joyiga eltib qo‘yishdi. Bolasini o‘lik holatda ko‘rgan ona laylak uyi ustida biram nido qildiki asti qo‘yaverasiz endi...
Aslida laylaklar qish boshlanmasdan avval issiq o‘lkalarga uchib ketardi. Lekin ona laylak o‘sha yili hech qayoqqa ketmadi.
      ...Qahraton qish. Hammayoq oppoq qorga belangan. Maktabimiz qishlog‘imizdan ancha olisda joylashganligi bois, sinfdosh dugonalar birga borib kelardik. Qor bo‘ralab yog‘ayotgan kun maktabga dugonalarim bilan shoshib ketayotsak, Zarafshon daryosi tomondan oppoq qorga belangan laylak uchib kelib yo‘limizga g‘ov bo‘ldi. Biz uni darhol tanidik. Hu, o‘sha oyog‘ida “sirg‘a”si bor laylak edi u. Biz darhol sumkamizdan non chiqarib unga berdik. U marhamatimizga e’tibor qilmadi. Boshdan ro‘mollarimizni olib uni oppoq qorga belangan qanotlarini tozalamoqchi ham bo‘luvdik u qanotlarini bir silkitib shudgor yerning o‘rtasiga borib qo‘ndi. Biz bir-birimizga qarab: "Bu ne sir-sinoat bo‘lsa ekan?", deya yana yo‘limizda davom etdik. Hayal o‘tmay bag‘ri kuygan ona laylak yana tepamizda paydo bo‘ldi va qanotlarini keng yoyib charx ura boshladi. Biz uni tilini tushunmasdik. Lekin bu laylakni bolasidan ayirganimizni bilardik.
O‘sha yili qish juda qattiq keldi. Biz bilgan, tanigan, taqillatishlarini sevib tinglaydigan, bag‘rini qon aylagan laylak esa hech qayoqqa ketmadi. Kunlar, oylar o‘tib yana yoz keldi. Yana issiq o‘lkalardan laylaklar uchib keldi. Yana laylak tut teppasidagi uya laylaklarga to‘ldi. Lekin ming afsuslarki biz o‘sha oyog‘ida “sirg‘a”si bor ona laylakni hech uchratmadik. Mana shunga ham yarim asr bo‘layaptiki undan darak yo‘q. Biz esa hanuz ilinj bilan uning yo‘liga ko‘z tikamiz.

NURIYA PO‘LATOVA,
gazetaning jamoatchi muxbiri.

O'qilgan: 81 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: