Qozog‘istonning Kostanay viloyatidagi “SariarkaAvtoProm” zavodi 2020-yilda O‘zbekistonga 3847 ta Hyundai va JAC avtomobillarini yuborgan, deb xabar beradi “Forbes.kz”.
“Qozog‘istonda lokalizatsiya qilingan avtomobillar barqaror talabga ega, O‘zbekistonda Hyundai savdo tarmog‘iga bo‘lgan talab jadal sur’atlar bilan o‘smoqda”, — deydi Qozog‘iston avtobiznes assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Anar Makashev.
Qozog‘iston bozorida 11 ta avtomobil brendini taqdim etuvchi Astana Motors 2019-yilda O‘zbekistonga 244 ta Hyundai avtomobilini sotgan. Kompaniya rahbari Nurlan Smagulovning tan olishicha, yetkazib berish hajmi yuqori emas, biroq bozor juda istiqbolli.
“O‘zbekiston hukumati bozorni ochish kerakligini, sog‘lom raqobat zarurligini, iste’molchilar boshqa ishlab chiqaruvchilarni ham ko‘rishni xohlashini tushunib turibdi”, — deydi biznesmen.